YUNESKO – Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha ixtisoslashgan muassasasidir. Tashkilot ta’lim, tabiiy fanlar, ijtimoiy va gumanitar fanlar, madaniyat, kommunikatsiya va axborot sohalarida turli loyihalarni amalga oshiradi.
YUNESKO faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri esa Umumjahon merosini himoya qilishdir. Tashkilot homiyligidagi bu merosga ham inson tomonidan yaratilgan madaniy ob’ektlar, ham tabiiy hududlar kiradi.
Umumjahon merosi nima?
Umumjahon merosi deganda butun insoniyat uchun alohida qimmatga ega bo‘lgan madaniy va tabiiy ob’ektlar tushuniladi. Bunday ob’ektlarning ahamiyati faqat ularning joylashgan mamlakati bilan cheklanmaydi. Ular umuminsoniy ahamiyatga ega deb hisoblanadi va shuning uchun ularni himoya qilish xalqaro mas’uliyat masalasiga aylanadi.
YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi uchun ob’ekt “alohida umumjahon qimmatiga” ega bo‘lishi kerak. Bu uning madaniy yoki tabiiy jihatdan shunchalik muhim ekanligini anglatadiki, uning qimmati milliy chegaralarni oshib, butun insoniyat uchun ahamiyat kasb etadi.
Konvensiyaga asosan, jahon merosi uch asosiy toifaga bo‘linadi: madaniy, tabiiy va aralash meros.
Madaniy merosga me’moriy namunalar, monumental haykaltaroshlik va rasm asarlari, arxeologik ob’ektlar, g‘orlar, tarixiy inshootlar va me’moriy komplekslar kiradi. Tabiiy merosga esa noyob va betakror tabiat hududlari, geologik va fizik-geografik shakllanishlar, ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan va himoyaga muhtoj noyob flora va fauna areallari, shuningdek, o‘ziga xos tabiiy go‘zallikka ega hududlar kiritiladi.
Aralash meros esa ham tabiatning, ham inson faoliyatining birgalikda shakllantirgan hududlarini o‘z ichiga oladi.
YUNESKOning himoya funksiyasi qanday shakllandi?
Umumjahon merosini himoya qilish g‘oyasining shakllanishida 1959-yilda Misrda Asuan to‘g‘onining qurilishi muhim rol o‘ynadi.
To‘g‘on qurilishi natijasida yuzaga keladigan suv ombori qadimgi Nubiya hududidagi tarixiy yodgorliklarni suv ostida qoldirish xavfini tug‘dirgan edi. Misr va Sudan hukumatlari bu yodgorliklarni qutqarish uchun YUNESKOga murojaat qildilar.
Tashkilot esa xalqaro jamoatchilikka yordam chaqirig‘i bilan chiqdi. Natijada tarixdagi eng katta arxeologik qutqaruv operatsiyalaridan biri amalga oshirildi. Qadimgi shaharlar, ibodatxonalar va boshqa muhim tarixiy artefaktlar o‘rganildi, bir qator yodgorliklar esa xavfli hududlardan ko‘chirilib himoya qilindi.
Bu voqea muhim bir haqiqatni ochib berdi: jahon merosini himoya qilish faqat ayrim davlatlarning emas, balki xalqaro jamoatchilikning ham mas’uliyatidir.
Aynan shundan so‘ng madaniy va tabiiy merosni himoya qilish uchun yagona xalqaro mexanizmni yaratish g‘oyasi yanada kuchaydi.
1966-yilda Venetsiyada sodir bo‘lgan halokatli suv toshqini ham jahon merosining tabiiy ofatlar oldida qanchalik zaif ekanligini ko‘rsatdi. YUNESKO va Italiya hukumati shaharning madaniy yodgorliklarini himoya qilish va tiklash uchun uzoq muddatli reja tuzishga kirishdi.
Shunday qilib, xalqaro miqyosda jahon merosini himoya qilish uchun yagona dasturni yaratish yo‘nalishidagi tashabbuslar kengaydi.

YUNESKOning asosiy himoya mexanizmi
Bu jarayonning natijasi o‘laroq 1972-yil 16-noyabrda Umumjahon madaniy va tabiiy merosini himoya qilish to‘g‘risidagi Konvensiya qabul qilindi. Konvensiya 1975-yilda kuchga kirdi, 1978-yilda esa ilk Umumjahon merosi ro‘yxati yaratildi.
Bu ro‘yxatning yaratilishi YUNESKOning himoya funksiyalarining asosini tashkil etuvchi mexanizmlardan biriga aylandi.
Lekin ob’ektning ro‘yxatga kiritilishi faqat uning nomining xalqaro miqyosda tan olinishi degani emas. Asosiy maqsad ushbu ob’ektning kelajak avlodlar uchun himoya qilinishini ta’minlashdir.
YUNESKO jahon merosi maqomiga ega bo‘lgan ob’ektlarning himoyasiga xalqaro e’tiborni oshiradi, ularning holatini kuzatishni va muhofazasi uchun tegishli choralar ko‘rishni rag‘batlantiradi. Davlatlar esa o‘z hududlarida joylashgan jahon merosi ob’ektlarining belgilangan qimmatini himoya qilish uchun asosiy mas’uliyatni o‘z zimmalariga oladilar.
Bu nuqtai nazardan YUNESKO ham xalqaro standartlarni shakllantirishda, ham davlatlar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishda, ham xavf ostida bo‘lgan meros namunalarini himoya qilishga e’tiborni jalb etishda muhim rol o‘ynaydi.
YUNESKO himoyasining muhimligida sabab nima?
Tarixiy yodgorliklar urushlar, tabiiy ofatlar, nazoratsiz shaharsozlik, ekologik o‘zgarishlar, qarovsizlik va vandalizm natijasida jiddiy xavfga duch kelishi mumkin.
Bunday hollarda xalqaro miqyosda tan olingan maqom ushbu ob’ektlarning himoyasiga qo‘shimcha e’tibor va mas’uliyat yaratadi. YUNESKOning faoliyati turli mamlakatlarning mutaxassislarini va muassasalarini bir joyga to‘plashga, himoya va tiklash loyihalarini amalga oshirishga, shuningdek, jahon jamoatchiligining e’tiborini muammoga qaratishga imkon beradi.
Tashkilot yondashuvining asosiy mohiyati shundan iboratki, madaniy va tabiiy meros faqat bir mamlakatning emas, balki butun insoniyatning umumiy boyligidir.

Bu sababdan Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan har bir yodgorlik yoki tabiiy hudud faqat milliy tarix va madaniyat nuqtai nazaridan emas, global miqyosda himoya qilinishi kerak bo‘lgan qadriyat sifatida qabul qilinadi.
Bugun YUNESKOning jahon merosini himoya qilish sohasidagi faoliyati tarixiy yodgorliklarning, noyob tabiat hududlarining va insoniyat uchun ahamiyatli madaniy qadriyatlarning kelajak avlodlarga yetkazilishi nuqtai nazaridan muhim xalqaro mexanizmlardan biri hisoblanadi.
Ulviyya FARHOD