Britaniyada yuzlab antimigrant namoyishchilar mamlakatning eng yirik yo'lovchi porti hisoblangan Dover portiga olib boradigan yo'llarni to'sib qo'ydi.
Modern.az BBCga tayanib xabar berishicha, qora kiyimda va yuzlari yopiq bo'lgan aksiya ishtirokchilari “Qayiqlarni to'xtating” va “Ularni qaytarib yuboring” shiorlarini aytishgan.
Norozilik aksiyasi tufayli yo'lovchi va yuk tashish harakati bir necha soat davomida amalda to'xtab qoldi. Hodisa bilan bog'liq hibsga olinganlar yo'qligi, politsiya aksiyani “spontan” deb atagani ma'lum qilingan.
Aksiya La-Mansh bo'g'ozi orqali noqonuniy migratsiya bilan bog'liq keskinlik kuchaygan bir paytda o'tkazildi. Dover muntazam ravishda antimigrant norozilik namoyishlari o'tkaziladigan joylardan biridir. Chunki Britaniyaga kichik qayiqlar bilan o'tishga urinayotgan va hibsga olingan migrantlar aynan shu portga olib kelinadi.
Bu galgi norozilik avvalgilarga nisbatan kengroq miqyosli ekanligi qayd etilmoqda. Britaniya hukumati portning blokadaga olinishini qoraladi. Hatto konservativ Reform UK partiyasi yetakchisi Nayjel Faraj ham niqob va balaklava kiygan namoyishchilarning aksiyasiga qarshi ekanligini bildirdi.