Nepal-Xitoy chegarasida sodir bo‘lgan vayronkor suv toshqini oqibatida halok bo‘lganlar soni ortib bormoqda.
Modern.az xabar berishicha, “Associated Press” Nepalning Falokatlarni boshqarish agentligiga tayanib, mamlakatda kamida 669 kishi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Nepalda yana 2426 kishi bedarak yo‘qolgan hisoblanadi, 3700 dan ortiq kishi qutqarilgan. Xitoyning Tibet hududida ham yetti kishi halok bo‘lgan, 554 kishidan esa xabar yo‘q. Shunday qilib, falokat natijasida har ikki mamlakatda jami 676 kishi hayotdan ko‘z yumgan.
26-avgust kuni muzlikning qulashi natijasida hosil bo‘lgan suv, muz, tosh va loy massasi tog‘ daryolari bo‘ylab aholi punktlarini bosib ketdi. Suv toshqini binolar, ko‘priklar, yo‘llar va elektr stansiyalarini vayron qildi. Nepalning Rasuva va Nuvakot tumanlari eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar qatorida.
Noqulay ob-havo sharoiti, baland tog‘lar va tor daralar qidiruv-qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda. “Upper Trishuli-1” GES qurilish maydonchasidagi loy bilan to‘lgan tunnelda 100 dan ortiq odam qolgan bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
Nepal tashqi ishlar vaziri Shishir Xanal bedarak yo‘qolganlarni topish mamlakat uchun asosiy ustuvor vazifa ekanligini bildirdi. Katmandu tunnellarda qutqaruv, odamlarni aniqlash, jasadlarni identifikatsiya qilish va DNK tahlillarini o‘tkazish uchun xorijiy mamlakatlardan texnik yordam so‘radi.