Politsiya xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbirlar natijasida turizm faoliyati niqobi ostida fuqarolarning pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirishda gumon qilingan Orxan Huseynli hibsga olindi.
Modern.az xabar berishicha, oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida O.Huseynli rahbarlik qilgan “Renaissance Travel” turizm kompaniyasining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida xorijiy mamlakatlarga jozibador shartlar bilan tur paketlari taklif etilgani aniqlandi.
U shu maqsadda murojaat qilgan koʻplab fuqarolarning ishonchidan suiisteʼmol qilib, xorijiy mamlakatlarga sayyohlik safarlarini tashkil etishga doir yolgʻon vaʼdalar bergan. O.Huseynli noqonuniy tayyorlagan soxta parvoz chiptalaridan foydalanib, fuqarolarning turli miqdordagi pul mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirgan.
Qayd etilgan faktlar boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatildi. O.Huseynli Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblanuvchi shaxs sifatida tergovga jalb etildi va unga nisbatan sud qarori bilan qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlandi. Hozirda jinoiy ish boʻyicha tergov tadbirlari davom ettirilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur turizm kompaniyasining jamoat faoli Ilkin Rustamzodaga tegishli ekanligi haqida tarqalgan maʼlumotlar ham har tomonlama oʻrganildi. Oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida bu daʼvolar oʻz tasdigʻini topmadi.