Turkiyaning Silivri qirg'oqlari yaqinida ikki savdo kemasi to'qnashdi.
Modern.az xabar berishicha, hodisa 2-sentabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:00 atrofida, Silivri qirg'oqlaridan 18 dengiz mili janubda sodir bo'lgan.
Istanbul hokimligining ma'lumotiga ko'ra, Kocaeli shahridan Aliağaga ketayotgan Turkiya bayrog'i ostidagi “ALSU” kemasi bilan Iskenderun portidan Qora dengiz Ereğliga harakatlanayotgan “TUĞBERK İMAMOĞLU” kemasi noma'lum sabablarga ko'ra to'qnashgan.
Dastlabki tekshiruvda “ALSU” kemasida ko'zga ko'rinadigan hech qanday shikastlanish aniqlanmagan. Boshqa kema va uning bortidagi 10 ekipaj a'zosi bilan esa aloqa o'rnatish imkoni bo'lmagan.
Hodisa joyiga Turkiya Qirg'oq Xavfsizligi Bosh Boshqarmasi va Qirg'oq Qo'riqlash Marmara va Bo'g'ozlar Qo'mondonligining ko'plab dengiz vositalari, shuningdek, vertolyot yuborilgan.
Ikkinchi kema va ekipaj a'zolarini topish uchun dengizdan va havodan qidiruv-qutqaruv operatsiyasi davom ettirilmoqda. To'qnashuv sababi hozircha ma'lum emas.