To'rtinchi Apellyatsiya sudi jinoiy dunyoda "Zviad Tbilisskiy" nomi bilan tanilgan "qonuniy o'g'ri" Zviad Ozmanianning hukmini bekor qildi. U jinoiy ierarxiyada eng yuqori lavozimni egallaganlikda ayblanib, maxsus rejimli qamoqxonada 11 yil 1 kun muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Modern.az lent.azga tayanib xabar berishicha, jinoiy ish hududiy yurisdiksiya qoidalarining buzilishi sababli Nijniy Novgorod viloyati prokuroriga qaytarilgan.
Ish Zviad Ozmanian Orenburg qamoqxonasidan Nijniy Novgorodga olib kelinishidan oldin boshlangan. Bungacha u Rossiyaning yana to'rtta mintaqasidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlangan.
Mahkum aybini tan olmagan va 2019-yilda jinoiy maqomidan voz kechganini bildirgan. Hukm bekor qilingan bo'lsa-da, u hibsda saqlangan.
Qayd etish joizki, u aprel oyida Rossiya Jinoyat kodeksining 210.1-moddasi – jinoiy ierarxiyada eng yuqori lavozimni egallash moddasi bilan aybdor deb topilgan edi.
Zviad Ozmanian 2013-yil 11-fevralda Moskvada Temuri Mirzoyev, ozarbayjonlik Vagif Suleymanov, Baxish Aliyev, Gizo Kardava va boshqa jinoiy avtoritetlar tomonidan "qonuniy o'g'ri" deb e'lon qilingan. Prokuraturaning ma'lumotlariga ko'ra, Zviad Tbilisskiyning o'zi ham Turkiya va Rossiyada yana 15 nafar "qonuniy o'g'ri"ning "toj kiyish" marosimida ishtirok etgan.
Moskva Ichki ishlar vazirligi ham o'z vaqtida jinoiy avtoritet poytaxtda talonchilik va o'g'irlik bilan shug'ullanuvchi etnik jinoiy guruhlarni nazorat qilganini bildirgan edi.
Sud jarayonida u "o'g'ri toji"dan hali 2019-yilda voz kechganini va jinoiy dunyo bundan, jumladan, OAVdagi ma'lumotlar orqali xabardor bo'lganini bildirgan.
Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 210.1-moddasiga asosan jinoiy maqomdan ixtiyoriy voz kechish uning jinoiy javobgarlikdan ozod etilishiga asos berishini da'vo qilgan. U, shuningdek, boshqa mahbuslarni nazorat qilishning imkoni yo'qligini aytgan, chunki u maxsus qattiq sharoitlarda, videokuzatuv ostida bo'lgan yakka tartibdagi kameralarda va aloqa vositalarisiz saqlangan.
Shunga qaramay, birinchi instantsiya sudi ayblov hukmini chiqarib, amalda uning "qonuniy o'g'ri" maqomini tan olgan.
Shuningdek, u bir necha yil avval marhum ozarbayjonlik "qonuniy o'g'ri" Lotu "Guli"ning do'stlari tomonidan "o'g'ri" nomidan mahrum etilgan. Bunga uning "umumiy fond" uchun yig'ilgan pullarni o'g'irlashi sabab bo'lgan.