Qirg'izistonda bo'lib o'tgan VI Butunjahon ko'chmanchi o'yinlarida janjal yuz berdi.
Modern.az xabar berishicha, VI Butunjahon ko'chmanchi o'yinlari yakunida Qozog'iston va Qirg'iziston o'rtasida medallar hisobi bo'yicha kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Qirg'iziston tomonining dastlabki hisob-kitoblariga ko'ra, musobaqalarda birinchi o'rinni Qirg'iziston jamoasi egallagan. Qirg'iziston 30 ta oltin, 29 ta kumush va 13 ta bronza, jami 72 ta medalni qo'lga kiritgan. Qozog'iston 29 ta oltin, 16 ta kumush va 19 ta bronza bilan 64 ta medal bilan ikkinchi, Rossiya esa 7 ta oltin, 7 ta kumush va 20 ta bronza bilan 34 ta medal bilan uchinchi o'rinni egallagan. Biroq Qozog'iston Turizm va sport vazirligi medallarni boshqacha hisoblagan. Vazirlik ma'lumotlariga ko'ra, Qozog'iston sportchilari 32 ta oltin, 20 ta kumush va 22 ta bronza, jami 74 ta medalni qo'lga kiritganlar.
Shundan so'ng Qirg'izistonning “Kabar” davlat agentligi tomonidan e'lon qilingan medallar jadvali saytdan o'chirib tashlangan. Qirg'iziston Jismoniy tarbiya va sport davlat agentligi esa Ko'chmanchi o'yinlarining konsepsiyasi mamlakatlar bo'yicha rasmiy medallar hisobini yuritishni nazarda tutmasligini bildirgan. Masala yuzasidan Qirg'iziston Prezidentining matbuot kotibi Askat Alagozov ham bayonot bergan. U keyinchalik Qozog'istonning medallar reytingida g'olib bo'lganini bildirgan.
“Bugun tashkiliy qo'mita Qozog'istonning uch nafar sportchisining medallarini alohida hisobga olishga qaror qildi. Shunday qilib, umumiy jamoa hisobida birinchi o'rinni Qozog'iston egalladi. Qozog'istonlik birodarlarimizni g'alaba bilan tabriklaymiz”, – deya Alagozov 7-sentabr kuni bildirgan.
Qayd etish joizki, navbatdagi Butunjahon ko'chmanchi o'yinlarini 2028-yilda Rossiyaning Qozon shahrida o'tkazish rejalashtirilgan.