Sun'iy intellekt saratonni davolash usulini topishga yordam berishi mumkin.
Modern.az xabar berishicha, bu haqda BBC yozgan.
Ma'lumotlarga ko'ra, Buyuk Britaniyaning Kembrij shahrida joylashgan chip dizayn kompaniyasi Arm Holdings bosh ijrochi direktori Rene Haas sun'iy intellekt tibbiyotda katta o'zgarishlarga sabab bo'lishini bildirgan.
Uning so'zlariga ko'ra, hozirda DNK markerlarining saratondan qanday ta'sirlanganini modellashtirish juda murakkab jarayon. Biroq sun'iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi bilan kompyuterlar bu muammoni hal qila oladi.
Rene Haasning fikricha, sun'iy intellekt odamlarning o'z umri davomida saratonni davolash usulini topishga yordam berishi mumkin.
“Bizning umrimiz davomida sun'iy intellekt saratonni davolashga yordam beradi”, – deya u ta'kidlagan.
BBCga gapirgan ekspertlar ham sun'iy intellekt saraton tadqiqotlarida muhim rol o'ynashi mumkinligini qayd etishgan. Ularning fikricha, asosiy masala faqat sun'iy intellektdan foydalanish emas, balki unga to'g'ri va sifatli tibbiy ma'lumotlarni taqdim etishdir.
Mutaxassislar sun'iy intellekt yangi davolash usullarini ishlab chiqishga sarflanadigan vaqtni sezilarli darajada qisqartirishi mumkin deb hisoblashadi.
Rene Haas o'z intervyusida sun'iy intellekt yaqin yillarda gumanoid robotlarning ham keng tarqalishiga sabab bo'lishini bildirgan. Uning fikricha, keyingi yillarda bunday robotlar ishlab chiqarish, tozalash, xavfsizlik va boshqa sohalarda ishlatilishi mumkin.
Arm rahbari ayni paytda sun'iy intellektning ommaviy ishsizlikka sabab bo'lishi bilan bog'liq xavotirlarning “bo'rttirilganini” aytgan.
Uning ta'kidlashicha, ba'zi ish o'rinlari avtomatlashtirilsa-da, sun'iy intellektning rivojlanishi yangi ish imkoniyatlarining paydo bo'lishiga ham olib keladi.
BBC ma'lumotlariga ko'ra, Arm tomonidan ishlab chiqilgan texnologiyalar dunyoning turli joylarida milliardlab qurilmalarda – smartfonlardan avtomobillargacha – ishlatiladi. Kompaniyaning aksiyalari qiymati ham sun'iy intellekt bumining fonida so'nggi paytlarda jiddiy ravishda oshgan.
Aydan Qosimova