Isroil sun'iy intellekt texnologiyalarini tijoratlashtirish bo'yicha dunyoda uchinchi o'rinni egalladi.
Modern.az xabar berishicha, bu haqda Isroil hukumatining Rosh ha-Shana bayrami arafasida e'lon qilingan yillik iqtisodiy hisobotida aytilgan. Ma'lumotni "The Jerusalem Post" nashri tarqatdi.
Hisobotga ko'ra, Isroil sun'iy intellekt bo'yicha tadqiqotlar, innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va ilg'or sun'iy intellekt tizimlarini amaliy qo'llash sohasida dunyoning eng ilg'or 10 davlati qatoriga kiradi.
Qayd etilishicha, mamlakatning yuqori texnologiyalar sektori sezilarli o'sishni ko'rsatdi. Joriy yilning birinchi yarmida Isroil kompaniyalari o'tgan yilning shu davriga nisbatan 53 foiz ko'proq investitsiya jalb qildi. TA-125 fond indeksi esa 35 foizga oshdi.
Bundan tashqari, milliy valyuta AQSh dollariga nisbatan mustahkamlandi, inflyatsiya 1,5 foizga tushdi. Byudjet taqchilligi 3,3 foizni tashkil etdi, bu hukumatning 4,9 foizlik maqsadidan pastdir.
Tashqi chaqiriqlarga qaramay, Isroil iqtisodiyoti rivojlanishda davom etayotgani aytildi. Yilning birinchi yarmida mamlakatning YaIM 3,2 foizga o'sdi, aholi jon boshiga nominal YaIM esa 70 ming dollarga yaqinlashdi.
Ishsizlik darajasi 3,3 foizni, mehnatga layoqatli aholining bandlik darajasi esa 71 foizni tashkil etdi. Bu ko'rsatkich Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti (OECD) a'zo davlatlarining o'rtacha ko'rsatkichidan biroz pastdir. Hisobotda buning sabablaridan biri sifatida Isroilda iste'mol narxlarining yuqoriroq ekanligi ko'rsatilgan.