Turkiy Davlatlar Tashkilotiga (TDT) a'zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari siyosiy muloqotni kuchaytirish, iqtisodiy va strategik hamkorlikni kengaytirish, O'rta yo'lakni rivojlantirish va mintaqaviy xavfsizlik masalalarini muhokama qiladilar.
Modern.az Turkiya Tashqi ishlar vazirligi manbalariga tayanib xabar berishicha, muhokamalar 29-oktabr kuni Anqarada bo'lib o'tadigan TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig'ilishida olib boriladi.
Yig'ilishda tashkilot doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va kelajakdagi rivojlanish yo'nalishlari, shuningdek, TDTning institutsional imkoniyatlarini mustahkamlash masalalari ko'rib chiqiladi. Uchrashuv yakunida tashkilot faoliyatiga oid ba'zi ma'muriy va moliyaviy hujjatlar tasdiqlanishi kutilmoqda.
Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidanning nutqida turkiy davlatlar o'rtasida siyosiy muloqot va birgalikdagi faoliyat imkoniyatlarini kuchaytirish muhimligini ta'kidlashi kutilmoqda. U umumiy tarix, til va madaniyat aloqalarini aniq hamkorlik loyihalariga aylantirishga e'tibor qaratadi.
Uchrashuvning asosiy yo'nalishlaridan biri iqtisodiy va strategik hamkorlik bo'ladi. Energetika, savdo, investitsiyalar, raqamli transformatsiya va mudofaa sanoati sohalarida birgalikdagi faoliyatni aniq natijalarga aylantirish masalalari muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, Osiyo va Yevropa o'rtasidagi transport va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash nuqtai nazaridan Kaspiy orqali o'tadigan O'rta yo'lakning rivojlanishiga alohida e'tibor qaratiladi.
Vazirlar Afg'onistondagi vaziyatni va bu mamlakatdagi jarayonlarning mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va transport aloqalariga mumkin bo'lgan ta'sirini ham muhokama qilishlari kutilmoqda. Bu yo'nalishda TDTga a'zo va kuzatuvchi mamlakatlar o'rtasida maslahatlashuvlar va muvofiqlashtirishni oshirish masalasi kun tartibiga kiritiladi.
Qayd etish joizki, TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig'ilishi 29-30-oktabr kunlari Anqarada bo'lib o'tadigan XIII Sammit doirasida tashkil etiladi. Davlat rahbarlari ishtirokidagi sammit esa 30-oktabrga mo'ljallangan.