Modern.az

Eng katta boyligimiz Ozarbayjon-O'zbekiston birligidir - Ilhom Aliyev

Eng katta boyligimiz Ozarbayjon-O'zbekiston birligidir - Ilhom Aliyev

Mamlakat

Bugun, 12:57

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni O'zbekiston Mustaqillik kuni bilan tabrikladi.

Modern.az xabar berishicha, tabrik maktubida shunday deyilgan:

"Hurmatli Shavkat Miromonovich,

Aziz birodarim,

O'zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi – muhim yubiley munosabati bilan Sizni va Siz orqali qardosh xalqingizni o'z nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan chin dildan tabriklashdan va eng ezgu tilaklarimni yetkazishdan mamnunman.

Mustaqillikka erishganidan buyon o'tgan davr mobaynida qardosh O'zbekiston har tomonlama va jadal rivojlanish yo'lini bosib o'tib, katta muvaffaqiyatlarga erishdi, xalqaro maydonda va mintaqada yuqori obro' va hurmat qozondi. Sizning dono rahbarligingiz va strategik qarashlaringiz tufayli mamlakatingizda barcha sohalarda keng ko'lamli islohotlar va bunyodkorlik ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi, iqtisodiy taraqqiyotga erishildi, aholining ijtimoiy farovonligi ta'minlandi.

O'zbekistonning oldiga qo'ygan maqsad va vazifalariga erishishida, qo'lga kiritgan barcha yutuqlari zamirida Sizning tinimsiz mehnatingiz va qat'iyat bilan olib borgan davlat siyosatingizga xalqingizning katta ishonchi va qo'llab-quvvatlashi yotadi. Qardosh mamlakat va ittifoqchi sifatida O'zbekistonning har bir muvaffaqiyatini o'z muvaffaqiyatimiz deb bilamiz va bundan faxrlanamiz. Har safar betakror va mehmondo'st mamlakatingizga tashrif buyurganimda, O'zbekiston erishgan muhim yutuqlarga yaqqol guvoh bo'laman. Yaqinda qardosh mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifimni va Siz bilan uchrashuvimizni eng yoqimli taassurotlar bilan eslayman.

Umumiy tarixiy-madaniy rishtalar, mustahkam do'stlik va qardoshlikka asoslangan Ozarbayjon-O'zbekiston munosabatlari bugun o'zining eng yuqori cho'qqisida turibdi. O'zbekiston bilan ikki tomonlama aloqalarimizni bundan keyin ham har tomonlama rivojlantirish va chuqurlashtirish biz uchun ustuvor masalalardan biridir. Xursandmanki, birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz natijasida davlatlararo aloqalarimiz va ittifoqchiligimiz kundan-kunga yanada mustahkamlanmoqda, ko'p qirrali hamkorligimiz yangi amaliy mazmun bilan boyimoqda.

Ishonchim komilki, eng katta boyligimiz bo'lgan Ozarbayjon-O'zbekiston birligini saqlab qolish, har tomonlama hamkorligimizni rivojlantirish, ittifoqchiligimizni doimo mustahkamlash yo'lida zimmamizga tushgan sharafli missiyani bundan keyin ham birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz bilan muvaffaqiyatli bajarishda davom etamiz.

Hurmatli Shavkat Miromonovich,

Ushbu tarixiy kunda Sizning va qardosh O'zbekiston xalqining quvonchiga sherik bo'lib, Sizga mustahkam sog'liq, baxt-saodat, oliy davlat faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, O'zbekiston Respublikasiga doimo farovonlik, obodlik va yuksalish tilayman".

Instagram
Gündəmdən xəbəriniz olsun!
Keçid et
Putindən kritik əmr! Raketlər sərhədə yığıldı - Yeni müharibə...