Eron chempionatida “Malavan” va Tabrizning “Traktor” jamoalari oʻrtasida 18-oktabr kuni boʻlib oʻtishi kerak boʻlgan oʻyin oʻtkazilmadi. Buning sababi maydon egalarining muxlislari tomonidan ozarbayjonliklarga qarshi haqoratli shiorlar aytilgani aytilmoqda.
Modern.az “Tasnim”ga tayanib xabar berishicha, Bandar-Anzali shahridagi stadionda oʻyin oldidan isinish mashqlari vaqtida muxlislar ozarbayjonliklar va turklarni nishonga olgan shiorlar aytishgan. “Traktor” sardori Shuja Xalilzoda ham haqoratlarga uchragan.
Bunga norozilik bildirib, Tabriz vakilining futbolchilari maydonni tark etishgan. Klub egasi Muhammadrizo Zunuzining jamoaga kiyinish xonasiga qaytishni buyurgani aytilmoqda.
Hakamlar, oʻyin vakillari va jamoalar murabbiylari ishtirokida taxminan yarim soat davom etgan muzokaralar natija bermadi. “Traktor” futbolchilari maydonga qaytishdan bosh tortganliklari sababli uchrashuv boshlanmadi.
“Traktor” rahbariyati Eron Futbol Federatsiyasidan “Malavan” klubiga qarshi qattiq choralar koʻrishni talab qildi. Aks holda, FIFAga rasmiy shikoyat yuborilishi maʼlum qilindi.