Kompyuterdan keladigan g'ayrioddiy tovushlar uning tez orada ishdan chiqishining dastlabki belgilaridan biri bo'lishi mumkin.
Modern.az xabar berishicha, mutaxassislar, ayniqsa, mexanik qattiq diskdan keladigan chertish, g'ichirlash va ishqalanish tovushlariga e'tibor berishni tavsiya qiladilar.
Kompyuterning tez-tez qotib qolishi, sekin ochilishi, fayllarni ko'chirishda xatoliklarning yuzaga kelishi ham qattiq diskda nosozlikning ko'rsatkichi bo'lishi mumkin.
Bunday hollarda xotira qurilmasining texnik holatini aniqlash uchun SMART diagnostika tizimidan foydalanish mumkin. Biroq, bu tizim ham barcha nosozliklarni oldindan aniqlay olmaydi.
Mutaxassislar g'ayrioddiy tovushlar eshitilganda muhim fayllarning zaxira nusxasini yaratishni, qattiq diskni tekshirishni va zarurat tug'ilganda uni almashtirishni maslahat beradilar.
Doimiy chertish va ishqalanish tovushlari eshitilganda esa kompyuterni o'chirish va mutaxassisga murojaat qilish tavsiya etiladi. Aks holda, muhim ma'lumotlarning butunlay yo'qolishi xavfi yuzaga kelishi mumkin.