AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning bosh maslahatchisi Aleksandr Aldenning Ozarbayjonga elchi lavozimiga nomzodligini Senatda tasdiqlash kun tartibida.
Modern.az “Semafor”ga tayanib xabar berishicha, senatorlar Aldenning nomzodligi bo‘yicha tinglov o‘tkazishni ko‘rib chiqdilar. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, respublikachilar Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan nomzodlarni tasdiqlash jarayonini tezlashtirish uchun ortib borayotgan bosimga duch kelmoqdalar.
Aleksandr Aldenning AQShning Ozarbayjondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimiga nomzodligi Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan. Uning bu lavozimga tayinlanishi uchun Senatning tasdig‘i talab qilinadi.
Qayd etish joizki, Aleksandr Alden hozirda “GeoStrategy Initiative”da norezident bosh ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritadi va shu bilan birga “Palantir Technologies” kompaniyasida bosh maslahatchi lavozimida ishlab, ittifoqchi hukumatlar va xususiy sektor hamkorlari bilan hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishida faoliyat olib boradi.
Alden avvalroq AQSh Davlat departamenti, Milliy xavfsizlik kengashi va Mudofaa vazirligida yuqori lavozimlarda ishlagan. U Davlat departamentida mojarolar va barqarorlashtirish operatsiyalari bo‘yicha vaqtinchalik yordamchi kotib sifatida 2020-yilgi AQShning Mojarolarning oldini olish va barqarorlikni rag‘batlantirish strategiyasiga rahbarlik qilgan.
Yevropa masalalari bo‘yicha davlat kotibi o‘rinbosari lavozimida ishlagan davrida AQSh-Yevropa Ittifoqi munosabatlarini mustahkamlash va mintaqadagi Xitoy ta’siriga qarshi hamkorlik mexanizmlarini yaratish yo‘nalishida faoliyat olib borgan. Aynan uning davrida 2020-yilda AQSh-EI Xitoy dialogi tashkil etilgan.
Milliy xavfsizlik kengashida rivojlanayotgan texnologiyalar bo‘yicha bosh direktor va mudofaa siyosati direktori sifatida ishlagan Alden muhim va yangi texnologiyalar bo‘yicha idoralararo qo‘mita tashkil etilishiga rahbarlik qilgan. U shuningdek, AQSh mudofaa strategiyasi, yadro siyosati va raketaga qarshi mudofaa hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etgan.
Davlat sektoridan tashqarida esa Aleksandr Alden xavfsizlik va xalqaro munosabatlar sohasida turli tahliliy va rahbar lavozimlarda ishlagan. U American Affairs nashrida milliy xavfsizlik muharriri, Claremont Institutida Linkoln stipendiyasi sohibi, shuningdek, bir qator strategik tadqiqot va konsalting tashkilotlarida rahbar lavozimlarni egallagan.
Aleksandr Alden AQShning Johns Hopkins Universitetida siyosiy fanlar bo‘yicha magistr darajasini olgan, u yerda doktorantura tadqiqotlari olib borgan va xalqaro munosabatlar bo‘yicha darslar o‘tgan. Bakalavr ta’limini esa Southern Illinois Universitetida siyosiy fanlar va falsafa ixtisosliklari bo‘yicha tamomlagan.