Shveysariyaning nufuzli “Die Weltwoche” haftalik jurnali Ozarbayjonning davlat maktablarida yagona kiyim qoidalarini joriy etish bo‘yicha pozitsiyasini yuqori baholadi. Nashrning yozishicha, Boku tashqi bosimlarga qaramay, dunyoviy ta’lim tamoyillarini himoya qilishda qat’iyat ko‘rsatgan.
Modern.az xabar berishicha, maqolada Ozarbayjonning musulmon aholisi ko‘pchilikni tashkil etuvchi dunyoviy davlat ekanligiga alohida e’tibor qaratilgan.
Qayd etilishicha, Ozarbayjon hukumati davlat maktablarida yagona kiyim standartlarini saqlash yo‘lida muhim qadam tashlagan. Yangi qoidalarga ko‘ra, maktab formasining yagonaligini buzadigan va umumiy ta’limning dunyoviylik prinsipiga mos kelmaydigan qo‘shimcha kiyim elementlaridan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
“Ozarbayjon Yevropa davlatlari jur’at etmagan qadamni tashlamoqda va norozilik bosimi ostida chekinmayapti”, – deb yozadi nashr.
Muallifning ta’kidlashicha, Ozarbayjonning bu pozitsiyasi ba’zi xorijiy doiralarning noroziligiga sabab bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda norozilik kampaniyalari o‘tkazilgan, turli mamlakatlarda Boku hukumatiga qarshi chaqiriqlar yangragan.
Shunga qaramay, maqolada ta’kidlanishicha, Ozarbayjon davlat maktablarida qo‘llayotgan qoidalarini tashqi bosimlar asosida belgilash niyatida emas.
Nashr Yevropaning bir qator mamlakatlarida maktab kiyimi va diniy ramzlar bilan bog‘liq bahslarga ham to‘xtalib, Ozarbayjon dunyoviy ta’lim modelini himoya qilish yo‘lida izchil siyosat olib borayotganini bildiradi.
“Boku o‘ziga shart qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Ozarbayjon Konstitutsiyasi davlat va dinning ajratilishini belgilaydi. E’tiqod har kimning shaxsiy ishi”, – deyiladi maqolada.
Maqola so‘ngida Ozarbayjonning yagona maktab o‘quvchilari kiyimi va dunyoviy ta’lim tamoyillari bo‘yicha pozitsiyasi Yevropa mamlakatlari uchun namuna sifatida taqdim etiladi.
“Boku hukumati namuna ko‘rsatmoqda: Maktablarimizdan qo‘lingizni torting!” – deb “Die Weltwoche” o‘z maqolasini yakunlaydi.