Turkiyaning Rossiyadan sotib olgan S-400 tizimlari boʻyicha AQSh bilan uzoq vaqtdan beri davom etayotgan bahsni hal qilish uchun yangi variant kun tartibiga chiqdi.
Modern.az xabar berishicha, AQSh Kongressi aʼzosi Darrell Issa S-400 komplekslarini Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) berish masalani hal qilish uchun eng yaxshi variantlardan biri boʻlishi mumkinligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday qadam Turkiyaning AQShning F-35 dasturiga qaytishiga yoʻl ochishi mumkin.
Issa 10-sentabr kuni Anqaraga tashrifidan soʻng S-400 larni BAA ga berish varianti avval ham muhokama qilinganini bildirdi.
Masala Turkiya uchun, ayniqsa, F-35 dasturiga qaytish nuqtai nazaridan muhimdir. AQSh 2019-yilda Anqaraning S-400 tizimlarini sotib olgani sababli Turkiyaning F-35 dasturidagi ishtirokini toʻxtatgan edi. Vashingtonning asosiy xavotiri S-400 tizimlarining NATO texnologiyalari uchun xavf tugʻdirishi mumkinligi bilan bogʻliq.
AQSh Prezidenti Donald Tramp iyul oyida Turkiyaga qarshi CAATSA doirasida qoʻllanilgan cheklovlarni bekor qilish imkoniyatini kun tartibiga kiritdi. Biroq, bu masala S-400 lardan voz kechish bilan bogʻliqligi aytilmoqda.
Anqara esa havo kuchlarining kelajagi bilan bogʻliq faqat F-35 larga umid qilmaydi. Turkiya hozirda F-16 parkini modernizatsiya qilish va milliy jangovar samolyot KAAN loyihasini rivojlantirish yoʻnalishida ham faoliyatini davom ettirmoqda.