Gretsiya Ukrainadan Rossiya portlarida joylashgan yunon tankerlariga hujumlarni to'xtatishni talab qildi. Bu shart evaziga Afina “Patriot” havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar berishga tayyorligi bildirilmoqda.
Modern.az xabar berishicha, bu haqda Ukraina Oliy Radasi deputati Ruslan Gorbenko ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev bu shartni qabul qilish niyatida emas.
“Bizga shart qo‘yilmaydi. Yo ularni berasiz, yo utilizatsiya qilasiz, ehtiyot qismlarga ajratasiz, ulardan kulon yasab bo‘yningizga osasiz”, – dedi Gorbenko.
Qayd etish joizki, Ukraina hukumati bir necha bor “Patriot” tizimlari uchun raketalar yetishmasligini e’lon qilib, G‘arb davlatlaridan qo‘shimcha havo hujumidan mudofaa vositalari va ular uchun o‘q-dorilar yetkazib berishni so‘ragan.