Xitoy yetakchisi Si Szinpinning sog'lig'i bilan bog'liq xavotirlar uning AQShga rejalashtirilgan tashrifi arafasida yana kun tartibiga chiqdi.
Modern.az xabar berishicha, The Wall Street Journal nashri yozishicha, xavotirga Si Szinpinning 12-sentabr kuni Nyu-Dehlida bo'lib o'tgan BRICS sammiti doirasida tashkil etilgan yetakchilarning rasmiy kechki ovqatida ishtirok etmagani sabab bo'lgan. Nashr suhbatlashgan manbalar Xitoy yetakchisining tadbirdan so'nggi lahzada voz kechganini va o'zini yaxshi his qilmagani uchun mehmonxonaga qaytganini ma'lum qilishgan.
Si Szinpin o'sha kuni BRICS sammitida ishtirok etgan va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan ikki tomonlama uchrashuv o'tkazgan. Bu Xitoy yetakchisining yetti yildan keyin Hindistonga ilk tashrifi bo'lgan.
Xitoy yetakchisining tadbirdan chetda qolishi uning AQShga rejalashtirilgan tashrifi arafasida e'tiborni yanada oshirdi. Si Szinpinning AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi kelgusi hafta bo'lib o'tishi kutilmoqda. Kun tartibining asosiy mavzulari orasida savdo, sun'iy intellekt, Tayvan va boshqa ikki tomonlama masalalar bo'lishi kutilmoqda.
Qayd etish joizki, BRICS sammitidan so'ng Si Szinpinning sog'lig'i bilan bog'liq turli iddaolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ba'zi xabarlarda uning insultga uchragani va kasalxonaga yotqizilgani aytilgan bo'lsa-da, bu ma'lumotlar rasman tasdiqlanmagan. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi bunday iddaolarni “soxta va chalg'ituvchi” deb atagan.
Shu bilan birga, The Wall Street Journal manbalari Si Szinpinning kechki ovqatga qatnashmaganini uning o'sha vaqtda o'zini yaxshi his qilmagani bilan bog'lashgan.