Iroqda shialar uchun muqaddas hisoblangan Najaf shahri chekkasida dunyoning eng katta qabristoni joylashgan. "Vadi as-Salam" deb nomlangan bu qabristonda 5-6 million odam dafn etilgani aytiladi.
Modern.az xabar berishicha, qabristonning maydoni 9 kvadrat kilometrdan ortiq bo'lib, bu yerda 1400 yildan ortiq vaqtdan beri dafn marosimlari o'tkaziladi.
Arab tilidan tarjima qilinganda "Tinchlik vodiysi" ma'nosini beruvchi Vadi as-Salam YuNESKOning Jahon merosi ro'yxatiga nomzod ob'ektlarning dastlabki ro'yxatiga kiritilgan.
Bu shunchaki dunyoning eng katta qabristoni emas. Iroq bilan bir qatorda, shialik keng tarqalgan boshqa mamlakatlardan kelgan odamlar ham o'lgandan keyin bu yerda dafn etilishni istaydilar. Shialik Islomning ikkinchi eng katta tarmog'i bo'lib, dunyo musulmonlarining taxminan 10-15 foizini tashkil etadi.
Osmon ostida shaharga, yerdan labirintga o'xshaydi
Vadi as-Salamga qush uchish balandligidan qaraganda ulkan shaharni eslatadi. Yer sathida esa qabriston maqbaralar, tor va egri-bugri yo'laklar, qabr toshlari va turli inshootlardan iborat katta labirint taassurotini qoldiradi.
Qabristonning Najaf shahri chekkasida joylashishi uning diniy ahamiyatini yanada oshiradi. Bu yerda Muhammad payg'ambarning amakivachchasi va kuyovi, shuningdek, shialarning birinchi imomi hisoblangan Ali ibn Abu Tolib dafn etilgan.
Aynan shu sababli shialar orasida Vadi as-Salamda dafn etilish alohida ahamiyatga ega.
Payg'ambarlar va tarixiy shaxslarning qabrlari
Qabristonda bir qator islom payg'ambarlarining, jumladan, Hud va Solihning qabrlari borligi aytiladi.
Bu yerda nafaqat diniy, balki tarixiy va ijtimoiy-siyosiy arboblarning ham qabrlari joylashgan. Ular orasida islom ilohiyotchisi va iroqlik siyosiy faol Muhammad Boqir as-Sadr ham bor.
Qabriston hududida 1980-yillarda sodir bo'lgan Eron-Iroq urushida halok bo'lganlar uchun alohida bo'lim ham yaratilgan.
Kuniga 250 kishi dafn etilgan vaqtlar bo'lgan
Hisob-kitoblarga ko'ra, so'nggi 1400 yil ichida Vadi as-Salamda 5-6 million odam dafn etilgan.
Bu yerda qadimiy davr payg'ambarlari bilan bir qatorda, zamonaviy urushlarda halok bo'lgan odamlar ham tuproqqa topshirilgan. Qabristonda 2003-2011-yillarda Iroqdagi urush va IShID bilan to'qnashuvlar paytida o'ldirilganlarning ham qabrlari bor.
Iroqdagi urushning eng qizg'in davrida Vadi as-Salamda kuniga 250 tagacha odam dafn etilgani aytiladi.
2014-yilda "Islom Davlati" (IShID) Iroqning bir qismini nazoratiga olgandan so'ng esa qabristonda kundalik dafnlarning soni taxminan 200 kishiga yetgan.
Qabriston bilan bog'liq sirli e'tiqodlar
Vadi as-Salam atrofida turli afsona va e'tiqodlar ham mavjud. Mahalliy aholi orasida qabristonda jinlar va boshqa yomon ruhlar yashashiga oid e'tiqodlar tarqalgan.
Tarixiy nuqtai nazardan bu e'tiqodlar Islomning VII asrda tarqalishidan oldin mintaqada mavjud bo'lgan mifologiyaning izlari bilan bog'liq.
1400 yildan ortiq vaqtdan beri odamlar dafn etiladigan Vadi as-Salam bugun ham faoliyat ko'rsatmoqda va dunyoning eng katta qabristoni sifatida o'z miqyosini saqlab qolmoqda.
A.Qorxmaz