AQSh Eronning yadro dasturi bo'yicha ma'lumot bergan shaxslarga 20 million dollargacha mukofot taklif qildi. Vashington, shuningdek, bu ma'lumotlarni taqdim etganlarga chet elga ko'chib o'tishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Modern.az xabar berishicha, bu haqda AQSh Davlat departamenti ma'lumot tarqatdi.
Ma'lumotlarga ko'ra, Eronning yadro dasturi bilan bog'liq ob'ektlar, uskunalar, tashishlar va xodimlar haqida ma'lumot taqdim etgan shaxslarga mukofot AQSh Davlat departamentining “Adolatga yordam evaziga mukofot” dasturi doirasida beriladi.
AQSh Davlat departamentining hujjatida Xalqaro Atom Energiyasi Agentligining (XAEA) 2025-yilga oid ma'lumotlariga tayanib, Eron uranni 60 foizgacha boyitayotgani bildiriladi. Bu ko'rsatkich yadro qurolini ishlab chiqish uchun talab qilinadigan 90 foizlik boyitish darajasidan biroz pastdir.
Hujjatda ta'kidlanishicha, Eron yadro quroliga ega bo'lmagan davlatlar orasida bu qadar yuqori darajada boyitilgan uran ishlab chiqaradigan yagona mamlakatdir.
Ekspertlarning baholashicha, boyitish jarayoni davom etsa, Eronning mavjud uran zaxirasi bir nechta yadro qurolini ishlab chiqish uchun yetarli bo'lishi mumkin.