28-sentabr kuni Hindistonning Uttar-Pradesh shtatining ba’zi qismlarida, jumladan, poytaxt Lakxnau shahrida kuchli suv toshqinlari va ko‘chkilar tufayli maktablar yopildi. Qutqaruv guruhlari odamlarni suv toshqini zonalaridan xavfsizroq joylarga evakuatsiya qildi.
Modern.az xorijiy OAVga tayanib xabar berishicha, dushanba kuni rasmiylar bergan ma’lumotga ko‘ra, Hindistonning shimolidagi Uttar-Pradesh shtatida bir necha kun davom etgan kuchli yomg‘ir va suv toshqinlari oqibatida kamida 81 kishi halok bo‘lgan.
Shtat hukumati xabar berishicha, uch kun davom etgan kuchli yomg‘irlar bir necha tumanlarda suv toshqinlariga sabab bo‘lgan, natijada 46 kishi jarohat olgan, 1000 dan ortiq uyga zarar yetgan. Aholiga suv ostida qolgan hududlarda keraksiz harakatlardan saqlanish, shuningdek, tez oqimli daryolar, ariqlar va suv kanallaridan uzoq turish tavsiya etilgan.
Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, suv toshqinlari sharqdagi Odisha shtatiga ham ta’sir ko‘rsatgan va u yerda 75 mingdan ortiq odam xavfsizroq hududlarga evakuatsiya qilingan.
Qo‘shni Nepalda esa mamlakatning tabiiy ofatlarni boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, payshanba va yakshanba kunlari orasida ob-havo bilan bog‘liq hodisalar natijasida 21 kishi halok bo‘lgan, 5 nafar aholi bedarak yo‘qolgan. Suv toshqinlari va ko‘chkilar natijasida esa 194 uyga zarar yetgan.
Nepal avgust oyidagi 1400 dan ortiq odamning o‘limiga va taxminan 6000 kishining bedarak yo‘qolishiga sabab bo‘lgan halokatli suv toshqinlarining oqibatlarini bartaraf etishga harakat qilmoqda.