Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi tinchlik allaqachon voqelik ekanligini maʼlum qildi.
Modern.az xabar berishicha, u bu haqda Turkmanboshi shahrida boʻlib oʻtgan MDH Davlat rahbarlari kengashi yigʻilishidagi nutqida soʻz ochgan.
Pashinyan Ozarbayjon bilan imzolangan tinchlik shartnomasidan iqtibos keltirdi:
“Tomonlar bir-biriga nisbatan hududiy daʼvolari yoʻqligini va kelajakda ham bunday daʼvolarni ilgari surmasliklarini tasdiqlaydilar. Tomonlar boshqa tomonning hududiy yaxlitligi yoki siyosiy birligini toʻliq yoki qisman buzishga qaratilgan hech qanday harakatlarga, shu jumladan bunday harakatlarni rejalashtirish, tayyorlash, targʻib qilish yoki qoʻllab-quvvatlashga yoʻl qoʻymaydilar”.
“Hurmatli davlat rahbarlari, Armaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi tinchlik allaqachon voqelikdir”, – deya taʼkidladi Armaniston Bosh vaziri.