Ozarbayjon Eronning qoʻshnichilik siyosatida alohida oʻrin tutadi.
Modern.az APAga tayanib xabar berishicha, bu haqda Eron Prezidenti Masud Pezeshkian Ozarbayjon Bosh vaziri oʻrinbosari Shohin Mustafayev bilan uchrashuvida maʼlum qilgan.
Eron Prezidentining rasmiy axborot portalining xabariga koʻra, Pezeshkian ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanish dinamikasiga toʻxtalib, Tehron va Boku oʻrtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanish muhimligini taʼkidlagan.
“Biz bir-birimizga qarindosh va birodarmiz. Mavjud imkoniyatlardan va qoʻshnichilik ustunligidan foydalanib, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar va aloqalarni yanada kengaytirishimiz kerak”, – deya taʼkidlagan Eron Prezidenti.
Pezeshkian Ozarbayjon va Eron oʻrtasida ilmiy, madaniy, iqtisodiy, siyosiy va xavfsizlik sohalarida keng aloqalar mavjudligini va ularni yanada mustahkamlash uchun birgalikdagi saʼy-harakatlar talab etilishini qayd etgan.
Eron Prezidenti umumiy chegara ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning rivojlanishiga toʻsiq emas, balki hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyat yaratishi kerakligini taʼkidlagan.
Pezeshkian Shohin Mustafayevning tashrifi doirasida Eronning yoʻl va shaharsozlik, shuningdek, energetika vazirlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlardan mamnunligini bildirgan va ularning ijrosini tezlashtirish muhimligini qayd etgan.
“Umid qilamizki, erishilgan kelishuvlar tomonlarning jiddiy eʼtibori va saʼy-harakatlari bilan imkon qadar tezroq ijro bosqichiga oʻtadi”, – deya taʼkidlagan u.
Pezeshkian transport va kommunikatsiya yoʻnalishlarining rivojlanishini ikki davlat va xalq oʻrtasidagi aloqalarning asosiy vositalaridan biri deb atagan. Uning soʻzlariga koʻra, Eron va Ozarbayjon oʻrtasidagi avtomobil, havo va temir yoʻl aloqalari yanada rivojlantirilishi kerak.
Uchrashuvda Shohin Mustafayev ham Ozarbayjonning Eron bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish niyatida ekanligini bildirgan. U erishilgan kelishuvlarning ijrosini kuzatish, shuningdek, transport va kommunikatsiya yoʻnalishlarini rivojlantirish muhimligini taʼkidlagan.