"Yerevanda joylashgan, Ozarbayjon xalqining qadimiy tarixiy-madaniy merosi namunalaridan biri bo'lgan Ko'k masjidning marosim zaliga arman shoiri Yegishe Charents nomining berilishi tarixiy-madaniy o'zlikni buzishga qaratilgan navbatdagi urinish bo'lib, butun dunyo tomonidan qabul qilingan, xalqaro konvensiyalarda mustahkamlangan insoniy qadriyatlarga hurmatsizlik, tinchlik va o'zaro ishonch muhitini shakllantirishga qaratilgan sa'y-harakatlarga qarshi provokatsiyadir".
Modern.az xabar berishicha, bu haqda Ozarbayjon Respublikasi Dini tashkilotlar bilan ishlash bo'yicha Davlat qo'mitasining bayonotida aytilgan.
Ta'kidlanishicha, Ko'k masjidning marosim zaliga byust o'rnatish tashabbusi Armaniston tomonining, xususan, bu mamlakat siyosiy rahbariyatining tarixiy obidaning dastlabki maqsadi va mansubligiga ob'ektiv, xolis munosabati bilan bog'liq jiddiy savollar tug'diradi:
"Bu urinishlar Ko'k masjidning tarixiy-madaniy o'zligini ikkinchi darajaga tushirishga va uni boshqa madaniyatga oid obida sifatida taqdim etishga xizmat qiladi. Tarixiy obidalarni himoya qilish ularning faqat jismoniy mavjudligini ta'minlashni emas, balki ularning mansubligiga, dastlabki maqsadiga va madaniy o'zligiga hurmat bilan yondashishni ham talab qiladi.
Ko'k masjid XVIII asrda Yerevan xonligi davrida, Husaynali xon hukmronligi yillarida qurilgan Ozarbayjon me'moriy va diniy merosining muhim namunasidir. Tarixda Ko'k masjid, Ko'k jome va Husaynali xon masjidi nomlari bilan tanilgan bu obida Yerevan musulmon aholisining diniy va ijtimoiy hayotida muhim o'rin tutgan, shaharning madaniy qiyofasini shakllantirishda ahamiyatli rol o'ynagan. Uning tarixiy mansubligi masjidning me'moriy xususiyatlari, qurilgan davri va Yerevan xonligining davlatchilik tarixidagi o'rni bilan bevosita bog'liqdir.
Sovet hukmronligi davrida bu yerda diniy faoliyat to'xtatilgan, bino turli dunyoviy maqsadlarda, jumladan, muzey sifatida ishlatilgan. 1995-yilda Eron va Armaniston o'rtasida erishilgan kelishuv asosida "rekonstruksiya" ishlarini moliyalashtirish Eron tomoniga yuklatilgan. Biroq bu jarayon masjidning tarixiy mansubligini o'zgartirish yoki uning dastlabki me'moriy xususiyatlarini boshqa madaniyat nomi bilan taqdim etish uchun asos bo'la olmaydi. Chunki har qanday madaniy meros namunasining qaysidir mamlakat mablag'lari hisobiga tiklanishi uning shu mamlakatga tegishli ekanligini da'vo qilish uchun asos hisoblanmaydi. Ko'k masjidning tarixiy o'zligi uning qurilgan davri, Yerevan xonligi va shaharning Ozarbayjon madaniy merosi bilan bog'liqligi asosida baholanishi kerak. Obidani "fors masjidi" sifatida taqdim etish, uning nomi va tarixiy kontekstini o'zgartirishga urinishlar ilmiy-tarixiy yondashuvga emas, balki siyosiy maqsadlarga xizmat qiladi".
Shuningdek, madaniy merosni himoya qilish xalqaro huquqning muhim tamoyillaridan biri ekanligi ta'kidlangan:
"YUNESKOning "Qurolli mojarolar paytida madaniy boyliklarni himoya qilish to'g'risida"gi 1954-yilgi Gaaga konvensiyasi madaniy boyliklarni qurolli mojarolar paytida himoya qilishni, ularga qarshi dushmanlik harakatlari, talon-taroj va o'zlashtirish holatlarining oldini olishni nazarda tutadi. YUNESKOning "Jahon madaniy va tabiiy merosini himoya qilish to'g'risida"gi 1972-yilgi konvensiyasi esa davlatlarning o'z hududlarida joylashgan madaniy merosni aniqlash, muhofaza qilish, himoya qilish va kelajak avlodlarga yetkazish bo'yicha mas'uliyatini belgilaydi.
Afsuski, Armaniston ishg'ol davrida Qorabog' va Sharqiy Zangazur hududlaridagi masjidlarga nisbatan qo'llagan salbiy tajribasini bugun yana qo'llamoqda. Ozarbayjon xalqi 2019-yilda Shushadagi Yuqori Govhar og'a masjidida ta'mir nomi ostida olib borilgan ishlarga Eron Islom Respublikasida faoliyat yurituvchi kompaniyaning jalb qilinishini, uning va Ag'dam Juma masjidining "fors masjidlari" sifatida taqdim etilishini unutmagan. Biz, shu bilan birga, ishg'ol ostida bo'lgan boshqa hududlardagi qadimiy masjid va ibodat joylarining vayron qilinishini, haqoratlanishini, xalqimizning diniy tuyg'ularini nishonga olgan vandalizm harakatlarini ham chuqur umidsizlik va achchiq afsus bilan eslaymiz. Hozirda Ozarbayjon davlati ishg'oldan ozod qilingan hududlardagi barcha diniy-madaniy obidalarni tiklashni amalga oshirmoqda, ularning tarixiy tiklanishi yo'nalishida izchil choralar ko'rmoqda. Biroq jismoniy vayronagarchiliklarni bartaraf etish ishg'ol davrida sodir etilgan vandalizm harakatlarining xalqimizning tarixiy xotirasida qoldirgan ma'naviy izlarini o'chirmaydi.
Madaniy meros namunalarini himoya qilish masalasida yagona va ob'ektiv mezonlar asos qilib olinishi, ularni tiklash va ishlatishda tarixiy mansubligiga, dastlabki me'moriy xususiyatlariga va diniy maqsadiga hurmat bilan yondashilishi kerak deb hisoblaymiz. Shu nuqtai nazardan, Yerevandagi Ko'k masjidning tarixiy o'zligini buzishga qaratilgan urinishlar madaniy merosga munosabatda bir xil tamoyillarning hamma joyda himoya qilinishi muhimligini yana bir bor kun tartibiga olib chiqadi.
Ko'k masjidning tarixiy mansubligini buzishga va Ozarbayjon xalqining madaniy-diniy merosini o'zlashtirishga qaratilgan urinishlarga noroziligimizni bildiramiz, Eron va Armaniston tomonlarini tarixiy faktlarga hurmat bilan yondashishga, diniy va madaniy obidalardan siyosiy-ideologik maqsadlarda foydalanishdan tiyilishga chaqiramiz".