Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Antaliyada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlik hamda mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.
Modern.az “Armenpress”ga tayanib xabar berishicha, bu haqda Armaniston Bosh vaziri apparati ma’lumot tarqatgan.
Qayd etilishicha, Erdo‘g‘an Pashinyanning Antaliyaga tashrifini va COP31 doirasidagi Yetakchilar sammitida ishtirokini olqishlagan. Pashinyan esa tadbirning yuqori saviyada tashkil etilgani uchun Turkiya Prezidentini tabriklagan.
Armaniston Bosh vaziri, shuningdek, Turkiyaning Izmir shahridagi metallurgiya zavodida sodir bo‘lgan portlash natijasida halok bo‘lganlar munosabati bilan hamdardlik bildirgan.
Uchrashuvda Turkiya-Armaniston munosabatlarini normallashtirish jarayoni muhokama qilindi. Tomonlar bu jarayonni ilgari surish va mantiqiy yakuniga yetkazish muhimligini ta’kidladilar. Shu kungacha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish ham diqqat markazida bo‘ldi.
Erdo‘g‘an va Pashinyan mintaqaviy jarayonlarga to‘xtalib, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga yangi turtki berganini qayd etdilar.
Bundan tashqari, transport kommunikatsiyalarini ochish, jumladan, TRIPP loyihasini amalga oshirish yo‘nalishida tashlangan qadamlar yuzasidan fikr almashildi.