Ukrainadagi urushni toʻxtatish boʻyicha norasmiy muzokaralarda muhokama qilingan rejalardan birida Rossiya butun Donbasni qoʻlga kiritishi va Finlyandiya NATOdan chiqishi nazarda tutilgan.
Modern.az “Bild” gazetasiga tayanib, OE24 nashriga asoslanib xabar berishicha, Rossiyaning takliflari Abu-Dabida boʻlib oʻtgan muzokaralarda Yevropa vakillariga ham taqdim etilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, reja Rossiyaning bosib olingan hududlarni oʻz nazoratida saqlab qolishini, shuningdek, Donetsk va Lugansk viloyatlarining Ukraina nazoratidagi qismlarini ham Moskvaga berishni nazarda tutadi.
Ukrainaning NATO aʼzoligidan voz kechishi, Odessa va Nikolayev portlarining harbiylashtirilishi ham shartlar qatorida. Mamlakatning kelajakda Yevropa Ittifoqiga qoʻshilishi esa istisno etilmaydi.
Takliflarda Estoniya, Latviya va Litvada NATO harbiy bazalarini joylashtirmaslik, Finlyandiyaning alyansdan chiqishi oʻrin olgan.
Moldova uchun Dnestrboʻyi va Gagauziyani oʻz ichiga olgan federativ tuzilma taklif etiladi. Ushbu hududlarga mustaqillik boʻyicha referendum oʻtkazish imkoniyatini berish ham nazarda tutilgan.
Buning evaziga Rossiya Belarusdan yadro qurollarini olib chiqishni, u yerda oʻrta masofali raketalar joylashtirmaslikni va Dnestrboʻyidan qoʻshinlarini olib chiqishni mumkin boʻlgan yon berishlar sifatida koʻrsatadi.