Qozogʻiston Prezidenti Qosim-Jomart Tokayev Ukrainadagi harbiy harakatlarni muzlatish va tinchlik muzokaralarini boshlash zarurligini bildirdi.
Modern.az xabar berishicha, Tokayev bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Merts bilan birgalikda oʻtkazilgan matbuot anjumanida aytgan. U bu masalada shaxsiy pozitsiyasini Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan ham boʻlishganini taʼkidladi.
“Men Prezident Vladimir Putinga bu masala boʻyicha shaxsiy pozitsiyamni katta tushunish bilan qabul qilgani uchun minnatdorchilik bildiraman. Chunki hammamiz – davlat rahbarlari – Ukraina hududida harbiy harakatlarni toʻxtatish tarafdorimiz”, - dedi Tokayev.
Qozogʻiston Prezidenti Ukraina xalqiga, uning tarixiga, madaniyatiga, urf-odatlariga va tiliga katta hurmat bilan qarashini qoʻshimcha qildi.
Shu bilan birga, Tokayev hozirgi sharoitda urushni darhol tugatish real emas deb hisoblashini aytdi.
Qozogʻiston rahbari avvalroq ham Putin bilan uchrashuvida Ukrainadagi harbiy harakatlarni toʻxtatishni taklif qilgan edi.
“Balki bu mojarani muzlatish va “Istanbul formulasi”ga qaytish kerakdir. Chunki u yerda muhim natijalar qoʻlga kiritilgan edi. Albatta, buyuk davlatlarning kafolati bilan”, - dedi Tokayev iyul oyi oxirida Omskda boʻlib oʻtgan uchrashuvda.
U oʻsha paytda Yevropa va AQShdan Ukrainadagi urush bilan bogʻliq koʻplab signallar olganini ham taʼkidlagan edi.
Shunga qaramay, Tokayev mojaroni hal qilishda vositachi rolini oʻynashdan bosh tortdi.
Qayd etish joizki, Tokayevning soʻnggi bayonotiga koʻra, uning pozitsiyasi Ukrainadagi harbiy harakatlarni darhol toʻxtatish emas, balki janglarni muzlatib, diplomatik muzokaralarga yoʻl ochishdir.