Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasi imzolangan va ratifikatsiya qilinganidan so'ng lavozimidan ketishga tayyorligini ma'lum qildi.
Modern.az xabar berishicha, Pashinyan bu haqda parlamentda hukumat soati chog'ida muxolifat vakillarining savollariga javob berar ekan, gapirgan.
Bosh vazir iste'fosini talab qilgan muxolifat kuchlariga taklif kiritdi. Uning so'zlariga ko'ra, agar fuqarolar yangi Konstitutsiya bo'yicha referendumda hujjatga qarshi ovoz bersalar, u darhol iste'foga chiqadi.
Agar referendumda yangi Konstitutsiya qo'llab-quvvatlansa, Pashinyan Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasi imzolangan va ratifikatsiya qilinganidan so'ng, shuningdek, tinchlik kun tartibining boshqa qoidalari amalga oshirilgandan so'ng o'z lavozimini tark etishini bildirdi.
“Ikkala holatda ham ketaman. Gap shaxsan men haqimda ketmoqda. Bundan keyin siyosiy jarayonlar qanday davom etishini xalq hal qiladi”, – dedi Pashinyan.
U referendumda Armaniston fuqarolarining katta qismi yangi Konstitutsiyani qo'llab-quvvatlashiga ishonch bildirdi.
Bosh vazir, shuningdek, Armanistonning NATOga a'zoligi kun tartibida emasligini aytdi.
“Bizning siyosatimizda NATOga a'zolik bo'yicha qaror yo'q”, – dedi Pashinyan.