Yevropa Komissiyasi Ukrainaga avval tasdiqlangan 90 milliard yevrolik kreditga qo'shimcha ravishda yana 45 milliard yevro moliyaviy yordam ajratishni taklif qildi.
Modern.az xabar berishicha, bu haqda Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula Fon der Lyayen ma'lum qildi.
Uning so'zlariga ko'ra, yangi moliyaviy paketning 20 milliard yevrosi fuqarolik ehtiyojlariga, jumladan, kasalxonalar va maktablar faoliyatini ta'minlashga, 25 milliard yevrosi esa harbiy xarajatlarga yo'naltirilishi ko'zda tutilgan.
Fon der Lyayen kreditni qaytarish Ukraina Rossiyadan urush bilan bog'liq tovon puli olganidan keyin amalga oshirilishi kerakligini bildirdi.
Qayd etish joizki, yangi moliyaviy paketni 2027-yilda Ukrainaga taqdim etish rejalashtirilgan. Taklif kuchga kirishi uchun Yevropa Ittifoqiga a'zo davlatlarning tasdig'i talab qilinadi.
Bundan avval Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 2026–2027-yillar uchun 90 milliard yevro miqdorida kredit ajratilishini tasdiqlagan edi.